Ommaviy oferta
Mebelim platformasidan foydalanish bo'yicha SaaS xizmatlar shartnomasi.
2. ATAMALAR
2.1. Platforma — Mebelim nomli veb-platforma, CRM/ERP funksiyalari, admin kabinet, modullar, ma'lumotlar bazasi, bildirishnomalar va boshqa texnik qismlardan iborat SaaS xizmati.
2.2. SaaS xizmati — Dasturiy ta'minotdan internet orqali obuna asosida foydalanish huquqi. Dasturiy kod Buyurtmachiga sotilmaydi va topshirilmaydi.
2.3. Hisob qaydnomasi — Buyurtmachining platformadan foydalanishi uchun yaratilgan kabinet, login, parol, rollar va ruxsatlar majmui.
2.4. Tarif — Platformadan foydalanish shartlari, limitlar, modullar, foydalanuvchilar soni, filiallar, SMS va boshqa xizmatlar to'plami.
2.5. Ma'lumotlar — Buyurtmachi tomonidan platformaga kiritilgan mijozlar, buyurtmalar, mahsulotlar, ombor, to'lov, qarzdorlik, xodimlar va boshqa biznes ma'lumotlari.
2.6. Agregasiyalangan va anonimlashtirilgan ma'lumotlar — Buyurtmachi, uning mijozlari yoki xodimlarini bevosita aniqlash imkonini bermaydigan statistik, tahliliy va umumlashtirilgan ma'lumotlar.
3. SHARTNOMA PREDMETI
3.1. Ijrochi Buyurtmachiga Mebelim platformasidan tanlangan tarif doirasida foydalanish imkoniyatini beradi, Buyurtmachi esa xizmatdan foydalanadi va to'lovlarni ushbu shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
3.2. Platforma Buyurtmachining ichki biznes jarayonlarini boshqarish, buyurtmalarni yuritish, ombor va ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatish, mijozlar bilan ishlash, qarzdorlik va hisobotlarni nazorat qilish uchun mo'ljallangan.
3.3. Ushbu shartnoma Buyurtmachiga platformaning dasturiy kodi, dizayni, texnik arxitekturasi yoki boshqa intellektual mulk ob'ektlariga egalik huquqini bermaydi. Buyurtmachiga faqat shartnoma amal qilish muddati davomida foydalanish huquqi beriladi.
3.4. Platformadan foydalanish huquqi Buyurtmachiga login/parol, kabinet yoki tegishli kirish imkoniyati berilgan kundan boshlab taqdim etilgan hisoblanadi.
4. PLATFORMA FUNKSIYALARI VA XIZMAT TARKIBI
4.1. Platforma tarifga qarab quyidagi modullarni o'z ichiga olishi mumkin: CRM, buyurtmalar, mijozlar bazasi, qarzdorlik, ombor, sex/ishlab chiqarish jarayoni, filiallar, xodimlar, rollar va ruxsatlar, SMS xabarnomalar, hisobotlar va tahlillar.
4.2. Ayrim modullar, qo'shimcha filiallar, qo'shimcha foydalanuvchilar, SMS paketlari, integrasiyalar, o'qitish, ma'lumot ko'chirish va individual sozlash ishlari alohida haq evaziga taqdim etilishi mumkin.
4.3. Ijrochi platformani rivojlantirish, yangilash, interfeysni o'zgartirish, xavfsizlikni kuchaytirish va yangi funksiyalar qo'shish huquqiga ega. Bunday o'zgarishlar platformaning umumiy ishlashiga jiddiy salbiy ta'sir qilmasligi lozim.
4.4. Ijrochi uchinchi tomon xizmatlari, jumladan internet-provayderlar, xosting, SMS provayderlari, to'lov tizimlari, elektron hisob-faktura tizimlari yoki boshqa tashqi servislar uzilishlari uchun javobgar bo'lmaydi, agar uzilish Ijrochining bevosita aybi bilan yuzaga kelmagan bo'lsa.
5. TARIFLAR VA TO'LOV TARTIBI
5.1. Tariflar, ularning tarkibi, limitlari va qiymati ushbu shartnomaning 1-ilovasida, 3-ilovasida, Ijrochining tijorat taklifida, hisob-fakturada yoki Tomonlar o'rtasidagi yozma/elektron kelishuvda belgilanadi.
Ijrochi shartnoma amal qilishining 2 (ikkinchi) yilidan boshlab tarif qiymatini yiliga 2 (ikki) martagacha o'zgartirish huquqiga ega. Bunda har bir o'zgartirish miqdori amaldagi tarif qiymatining 15 (o'n besh) foizidan oshmasligi, bir kalendar yil davomidagi umumiy oshirish esa 30 (o'ttiz) foizdan oshmasligi lozim.
Tarif qiymatini o'zgartirish inflyasiya, server va xosting xarajatlari, SMS provayderlari narxlari, internet va texnik xizmat xarajatlari, mehnat haqi xarajatlari, soliqlar, uchinchi tomon servislari narxlari, yangi funksiyalar, modullar, opsiyalar yoki bo'limlar qo'shilishi kabi asosli iqtisodiy yoki texnik omillar bilan bog'liq bo'lishi mumkin.
Ijrochi tarif qiymati o'zgarishi haqida Buyurtmachini kamida 30 (o'ttiz) kalendar kun oldin platforma, email, Telegram, telefon yoki boshqa yozma/elektron aloqa kanali orqali xabardor qiladi. Oldindan to'langan davr uchun tarif qiymati o'zgarmaydi.
Agar Buyurtmachi yangi tarif qiymatiga rozi bo'lmasa, yangi narx kuchga kirguniga qadar xizmatdan foydalanishni to'xtatish haqida Ijrochiga yozma/elektron shaklda xabar berish huquqiga ega.
5.2. Buyurtmachi tanlagan tarifi uchun oldindan 100 (yuz) foiz to'lovni amalga oshiradi. Tarif davri odatda 1 oy, 3 oy, 6 oy yoki 12 oy bo'lishi mumkin.
5.3. Xizmatlar qiymati O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasi - so'mda belgilanadi va to'lanadi. Tariflar 1-ilova, hisob-faktura yoki Tomonlarning yozma/elektron kelishuvida ko'rsatilgan narxlar asosida qo'llaniladi.
5.4. Tarif muddati tugagan kundan boshlab, yangi tarif uchun to'lov amalga oshirilgunga qadar Buyurtmachining platformada yangi operasiyalar yaratish, o'zgartirish, o'chirish, SMS yuborish, buyurtma, mahsulot, ombor, to'lov yoki boshqa biznes operasiyalarini amalga oshirish huquqi vaqtincha cheklanadi. Ushbu davrda Buyurtmachi faqat mavjud ma'lumotlarni ko'rish, o'qish va platformada mavjud bo'lgan eksport funksiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi.
5.5. Agar tarif muddati tugaganidan keyin 30 kalendar kun ichida to'lov amalga oshirilmasa, Ijrochi Buyurtmachining platformaga kirishini to'liq bloklash, xizmat ko'rsatishni to'xtatish yoki shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.
5.6. Tarif va narxlar o'zgarishi haqida Ijrochi Buyurtmachini kamida 30 kalendar kun oldin platforma, email, Telegram, telefon yoki boshqa yozma/elektron aloqa kanali orqali xabardor qiladi. Oldindan to'langan davr uchun narx o'zgarmaydi.
6. ELEKTRON HUJJAT AYLANISHI VA XIZMATNI QABUL QILISH
6.1. Tomonlar ushbu shartnoma, qo'shimcha kelishuvlar, hisob-fakturalar, dalolatnomalar, xabarnomalar va boshqa hujjatlar qog'oz shaklda yoki elektron hujjat aylanishi tizimlari orqali yuborilishi va imzolanishi mumkinligini tan oladilar.
6.2. ERI bilan imzolangan elektron hujjatlar Tomonlar uchun qog'oz shakldagi imzolangan va muhrlangan hujjatlar bilan teng yuridik kuchga ega.
6.3. Ijrochi har oy yoki to'lov davri yakunida xizmat ko'rsatish dalolatnomasi va/yoki elektron hisob-fakturani yuborishi mumkin. Buyurtmachi hujjat yuborilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida asosli yozma e'tiroz bildirmasa, xizmatlar to'liq va lozim darajada ko'rsatilgan deb hisoblanadi.
6.4. Buyurtmachining platformadan foydalanishi, kabinetga kirishi, tarifni faollashtirishi yoki to'lovni amalga oshirishi xizmatlarni qabul qilishga rozilik sifatida baholanishi mumkin.
6.5. Elektron tizimdagi texnik nosozliklar sababli hujjat yuborish vaqtincha imkonsiz bo'lsa, Tomonlar hujjatlarni email orqali yoki qog'oz shaklda almashishi mumkin.
7. IJROCHINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
7.1. Ijrochi Buyurtmachiga tanlangan tarif doirasida platformadan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
7.2. Ijrochi platformaning ishlashini ta'minlash, texnik qo'llab-quvvatlash ko'rsatish, xatoliklarni bartaraf etish va xavfsizlik choralarini ko'rish majburiyatini oladi.
7.3. Ijrochi rejalashtirilgan texnik ishlar haqida imkon qadar oldindan xabar beradi. Shoshilinch xavfsizlik yoki avariya holatlarida oldindan xabar berilmasligi mumkin.
7.4. Ijrochi Buyurtmachining noqonuniy harakatlari, noto'g'ri kiritilgan ma'lumotlari, foydalanuvchi login/parollarining uchinchi shaxslarga berilishi yoki Buyurtmachi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan operasiyalar uchun javobgar emas.
7.5. Ijrochi to'lov kechiksa, shartnoma shartlari buzilsa, xavfsizlik xavfi yuzaga kelsa yoki platformadan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlansa, xizmatlarni vaqtincha cheklash yoki bloklash huquqiga ega.
8. BUYURTMACHINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
8.1. Buyurtmachi tanlangan tarif doirasida platformadan foydalanish, texnik qo'llab-quvvatlash olish va xizmatlar bo'yicha savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
8.2. Buyurtmachi to'lovlarni o'z vaqtida amalga oshirishi, platformadan qonuniy maqsadlarda foydalanishi shart hamda xodimlari hamda foydalanuvchilarining harakatlari uchun javobgar hisoblanadi.
8.3. Buyurtmachi platformaga kiritilgan ma'lumotlarning to'g'riligi, qonuniyligi, dolzarbligi va uchinchi shaxslar huquqlarini buzmasligi uchun javobgar hisoblanadi.
8.4. Buyurtmachi login, parol, token va boshqa kirish vositalarini maxfiy saqlashi shart. Uchinchi shaxslar tomonidan ruxsatsiz kirish holati aniqlansa, Buyurtmachi darhol Ijrochiga xabar berishi lozim.
8.5. Buyurtmachi platformani nusxalash, qayta sotish, ijaraga berish, teskari muhandislik qilish, zararli kod yuklash, xavfsizlikni chetlab o'tish yoki uchinchi shaxslarga ruxsatsiz kirish huquqini berishga haqli emas.
9. MA'LUMOTLAR, SHAXSGA DOIR MA'LUMOTLAR VA ANALITIKA
9.1. Buyurtmachi platformaga kiritilgan ma'lumotlarning qonuniyligi, saqlanishi, ularni qayta ishlash uchun qonuniy asos va zarur roziliklar mavjudligini ta'minlash uchun javobgar hisoblanadi.
9.2. Ijrochi platformaga kiritilgan ma'lumotlardan xizmat ko'rsatish, texnik qo'llab-quvvatlash, xavfsizlikni ta'minlash, hisob-kitob, audit, xatoliklarni bartaraf etish, servisni yaxshilash va shartnoma majburiyatlarini bajarish maqsadida foydalanadi.
9.3. Ijrochi Buyurtmachining mijozlari yoki xodimlariga tegishli shaxsga doir ma'lumotlarni ochiq ko'rinishda uchinchi shaxslarga sotmaydi, bunday ma'lumotlarni reklama yoki boshqa mustaqil tijorat maqsadida bevosita identifikasiya qilinadigan shaklda bermaydi.
9.4. Ijrochi Buyurtmachini, uning mijozlarini yoki xodimlarini bevosita aniqlash imkonini bermaydigan anonimlashtirilgan va/yoki agregasiyalangan statistik ma'lumotlardan platformani rivojlantirish, bozor tahlili, benchmark, marketing, sun'iy intellekt/analitika modellarini yaxshilash, hisobotlar tayyorlash va tijorat maqsadlarida foydalanishi hamda bunday ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etishi mumkin.
9.5. Agregasiyalangan va anonimlashtirilgan ma'lumotlar Buyurtmachining tijorat siri yoki shaxsga doir ma'lumotlari sifatida qaralmaydi, agar ular orqali Buyurtmachi, uning mijozlari yoki xodimlarini bevosita aniqlash imkoni bo'lmasa.
9.6. Shartnoma bekor qilingandan so'ng Buyurtmachi o'z ma'lumotlarini eksport qilishni so'rashi mumkin. Ijrochi texnik imkoniyat doirasida ma'lumotlarni eksport qilishga yordam beradi. Eksport qilish, individual migrasiya yoki maxsus formatga o'tkazish alohida haq evaziga bajarilishi mumkin.
9.7. Ijrochi ma'lumotlarni zaxira nusxalar, arxiv, xavfsizlik, audit, soliq/hisobot, nizolarni hal qilish va servis sifatini oshirish maqsadida saqlash huquqiga ega. Shartnoma bekor qilingandan keyin ma'lumotlar avtomatik ravishda darhol o'chirib tashlanmaydi.
9.8. Agar amaldagi qonunchilikka o'zgartirish kiritilsa yoki vakolatli davlat organi tomonidan ma'lumotlarni o'chirish, cheklash yoki taqdim etish talab qilinsa, Tomonlar qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq harakat qiladi. Bunday hollarda Ijrochi ma'lumotlarni o'chirish o'rniga anonimlashtirish choralarini qo'llashi mumkin, agar bu qonunchilikka zid bo'lmasa.
9.9. Buyurtmachi o'z mijozlari va xodimlarini Mebelim platformasi orqali ma'lumotlar qayta ishlanishi, saqlanishi va anonimlashtirilgan/agregasiyalantirilgan tahlillar uchun ishlatilishi mumkinligi haqida xabardor qilishi va zarur roziliklarni olishi shart.
10. MAXFIYLIK
10.1. Tomonlar shartnoma doirasida olingan tijorat, texnik, moliyaviy va boshqa maxfiy ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik majburiyatini oladilar.
10.2. Maxfiylik majburiyati shartnoma bekor qilinganidan keyin ham 3 (uch) yil davomida amal qiladi, qonunchilikda uzoqroq muddat nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
10.3. Quyidagi ma'lumotlar maxfiy hisoblanmaydi: ochiq manbalarda mavjud bo'lgan ma'lumotlar, Tomonga qonuniy ravishda oldindan ma'lum bo'lgan ma'lumotlar, mustaqil ishlab chiqilgan ma'lumotlar, qonunchilik yoki vakolatli organ talabi asosida oshkor qilinadigan ma'lumotlar, anonimlashtirilgan/agregasiyalangan statistik ma'lumotlar.
11. INTELLEKTUAL MULK
11.1. Mebelim platformasi, nomi, logotipi, interfeysi, dasturiy kodi, arxitekturasi, ma'lumotlar modeli, dizayni, hujjatlari, algoritmlari va boshqa intellektual mulk ob'ektlari Ijrochiga va/yoki tegishli huquq egalariga tegishli.
11.2. Buyurtmachiga platformadan shartnoma muddati davomida, tanlangan tarif doirasida, bekor qilinmaydigan, o'tkazib bo'lmaydigan, cheklanmagan mulk huquqi emas, balki foydalanish huquqi beriladi.
11.3. Buyurtmachi platformaning biror qismini nusxalash, sotish, sublisenziya berish, modifikasiya qilish, teskari muhandislik qilish yoki Ijrochining yozma roziligisiz boshqa mahsulot yaratish uchun ishlatishga haqli emas.
12. TEXNIK QO'LLAB-QUVVATLASH VA ISHLASH TARTIBI
12.1. Texnik qo'llab-quvvatlash ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha Telegram, telefon, email yoki platforma ichidagi murojaat kanallari orqali ko'rsatiladi, agar Tomonlar boshqacha kelishmagan bo'lsa.
12.2. Jiddiy texnik muammolar ustuvor tartibda ko'rib chiqiladi. Muammoni bartaraf etish muddati uning murakkabligi, tashqi servislar holati va Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarning to'liqligiga bog'liq.
12.3. Platformaning 100% (yuz foiz) uzluksiz ishlashi kafolatlanmaydi. Texnik ishlar, internet, xosting, elektr energiyasi, uchinchi tomon servislaridagi uzilishlar, kiberxavfsizlik hodisalari yoki fors-major holatlari xizmatga vaqtincha ta'sir qilishi mumkin.
12.4. Rejalashtirilgan profilaktika ishlari imkon qadar kam yuklama vaqtida amalga oshiriladi.
13. JAVOBGARLIKNI CHEKLASH
13.1. Ijrochi platformadan foydalanish natijasida Buyurtmachining bilvosita zarar ko'rishi, boy berilgan foyda, obro'ga zarar, ishlab chiqarish to'xtashi, mijoz yo'qotish, noto'g'ri boshqaruv qarorlari yoki Buyurtmachining ichki biznes jarayonlaridagi xatoliklar uchun javobgar emas.
13.2. Ijrochining shartnoma bo'yicha javobgarligi, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, Buyurtmachi tomonidan oxirgi 1 (bir) oy uchun to'langan abonent to'lovi miqdori bilan cheklanadi.
13.3. Buyurtmachi platformaga kiritilgan barcha operasiyalar, foydalanuvchilar harakati, ombor qoldiqlari, narxlar, qarzdorlik, SMS matnlari, mijozlarga yuborilgan xabarlar va boshqa ichki ma'lumotlar uchun javobgar bo'ladi.
13.4. Ijrochi uchinchi tomon servislarining ishlamasligi, to'lov tizimlari yoki SMS provayderlaridagi nosozliklar, elektron hujjat aylanishi yoki elektron hisob-faktura tizimlaridagi uzilishlar uchun javobgar bo'lmaydi, agar bunday nosozliklar Ijrochining aybi bilan yuzaga kelmagan bo'lsa.
14. TO'LOVNI QAYTARISH VA KOMPENSASIYA
14.1. Oldindan to'langan abonent to'lovi qaytarilmaydi, bundan Ijrochining bevosita aybi bilan xizmatdan foydalanish uzoq muddat imkonsiz bo'lgan holatlar mustasno.
14.2. Kompensasiya to'lovni qaytarish, keyingi davr uchun chegirma berish, xizmat muddatini uzaytirish yoki Tomonlar kelishgan boshqa shaklda amalga oshirilishi mumkin.
14.3. Buyurtmachining platformadan foydalanmaganligi, xodimlari foydalanmagani, biznes ehtiyoji o'zgargani yoki to'lov qilingandan keyin fikri o'zgargani to'lovni qaytarish uchun asos hisoblanmaydi.
15. SHARTNOMA MUDDATI VA BEKOR QILISH
15.1. Shartnoma Tomonlar imzolagan (yoki ushbu oferta shartlari qabul qilingan) kundan boshlab kuchga kiradi va 12 (o'n ikki) oy davomida amal qiladi. Agar Tomonlardan biri muddat tugashidan kamida 10 (o'n) kalendar kun oldin yozma/elektron xabar bermasa, shartnoma keyingi 12 (o'n ikki) oyga avtomatik uzaytirilgan hisoblanadi.
15.2. Buyurtmachi xizmatdan foydalanishni to'xtatmoqchi bo'lsa, bu haqda Ijrochiga kamida 10 (o'n) kalendar kun oldin yozma/elektron shaklda xabar beradi.
15.3. Tarif muddati tugaganidan keyin Buyurtmachi to'lovni amalga oshirmagunga qadar platforma "faqat o'qish" rejimida ishlashi mumkin. Bunday rejimda Buyurtmachi ma'lumotlarni ko'rishi mumkin, ammo yangi operasiyalarni amalga oshira olmaydi. To'lov 30 (o'ttiz) kalendar kun ichida amalga oshirilmasa, Ijrochi xizmatni to'liq bloklashi yoki shartnomani bir tomonlama bekor qilishi mumkin.
15.4. Shartnoma bekor qilinganda yoki to'liq bloklash qo'llanilganda Buyurtmachining platformaga kirish huquqi to'xtatiladi. Buyurtmachi to'liq bloklashdan oldingi 30 (o'ttiz) kalendar kunlik davrda mavjud ma'lumotlarini ko'rishi va platformada mavjud eksport imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin. Ma'lumotlarni saqlash, eksport qilish, arxivlash, anonimlashtirish va agregasiyalangan tahlilda foydalanish ushbu shartnomaning 9-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
16. FORS-MAJOR
16.1. Tomonlar o'z majburiyatlarini bajarishga to'sqinlik qiluvchi fors-major holatlari uchun javobgar bo'lmaydilar. Bunday holatlarga tabiiy ofatlar, yong'in, urush, ommaviy tartibsizliklar, epidemiyalar, davlat organlari qarorlari, elektr energiyasi yoki internetdagi yirik uzilishlar, xosting/data-markazdagi avariya, kiberxujumlar va Tomonlar nazoratidan tashqaridagi boshqa holatlar kiradi.
16.2. Fors-major holati yuzaga kelgan Tomon bu haqda ikkinchi Tomonni imkon qadar tezroq xabardor qiladi.
17. NIZOLARNI HAL QILISH
17.1. Tomonlar shartnoma bo'yicha yuzaga keladigan nizolarni avvalo muzokara yo'li bilan hal qilishga harakat qiladilar.
17.2. Muzokara orqali kelishuvga erishilmasa, agar Buyurtmachi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo'lsa, nizo O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Ijrochi joylashgan hududdagi vakolatli iqtisodiy sudda ko'rib chiqiladi. Agar Buyurtmachi jismoniy shaxs bo'lsa, nizo qonunchilikda belgilangan vakolatli sudda ko'rib chiqiladi.
17.3. Shartnomaga O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo'llaniladi.
18. XABARNOMALAR
18.1. Tomonlar shartnomada ko'rsatilgan email, telefon, Telegram, elektron hujjat aylanishi tizimi, platforma ichidagi bildirishnomalar yoki boshqa kelishilgan aloqa kanallari orqali yuborilgan xabarlarni rasmiy xabar sifatida tan oladilar.
18.2. Aloqa ma'lumotlari o'zgargan Tomon bu haqda ikkinchi Tomonni xabardor qilishi shart. Xabardor qilinmagan taqdirda, eski manzilga yuborilgan xabar etkazilgan deb hisoblanadi.
19. YAKUNIY QOIDALAR
19.1. Ushbu shartnoma Tomonlarning to'liq kelishuvini ifodalaydi va ilgari og'zaki yoki yozma shaklda bo'lgan kelishuvlar o'rnini bosadi.
19.2. Shartnomaga o'zgartirish va qo'shimchalar yozma yoki elektron shaklda, shu jumladan ERI orqali rasmiylashtiriladi.
19.3. Shartnomaning biror bandi haqiqiy emas deb topilishi qolgan bandlarning haqiqiyligiga ta'sir qilmaydi.
19.4. Shartnoma qog'oz shaklda imzolangan taqdirda ikki nusxada tuziladi. Elektron shaklda imzolangan taqdirda elektron nusxa va qog'oz shakli bir xil kuchga ega bo'ladi.
1-ILOVA. TARIFLAR VA LIMITLAR
Ushbu ilova shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi. Tarif qiymatlari tijorat taklifi, hisob-faktura yoki Tomonlarning yozma/elektron kelishuvi bilan aniqlashtirilishi mumkin.
| Tarif | Narx | Limitlar | Asosiy modullar | Izoh |
|---|---|---|---|---|
| FREE | 0 so'm / oy | 1 do'kon, 1 xodim (egasi); 30 buyurtmagacha / oy; 5 SMS/oy bepul | Buyurtmalar nazorati, mijozlar bazasi, asosiy kassa va qarzdorlik nazorati | Kichik do'kon yoki yakka tartibdagi biznes uchun |
| PRO | 619 000 so'm / oy | Cheksiz xodim, cheksiz buyurtma, mahsulot, mijoz va hamkor; 100 SMS/oy bepul | To'liq CRM, ombor va sex nazorati, kirim-chiqim hisobi, qarzdorlik va tranzaksiyalar, telefoniya, dilerlar tarmog'i, oylik hisobot va tahlil | Har qanday hajmdagi do'kon uchun — filiallar ham shu tarifda |
I.1. Yuqoridagi narxlar O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasi - so'mda ko'rsatilgan. To'lov hisob-faktura, tijorat taklifi yoki Tomonlarning yozma/elektron kelishuvida ko'rsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
I.2. Har bir tarif doirasida har oy 100 (yuz) ta SMS xabar bepul beriladi. Bepul SMS limiti keyingi oyga o'tkazilmaydi va limitdan ortiq SMS xabarlar alohida tarif bo'yicha to'lanadi, agar Tomonlar boshqacha kelishmagan bo'lsa.
I.3. Qo'shimcha foydalanuvchi, filial, ombor, qo'shimcha SMS paketi, integratsiya, individual sozlash, o'qitish yoki ma'lumot ko'chirish ishlari alohida narxlanadi.
I.4. FREE tarif limitlari (buyurtmalar, mahsulotlar, mijozlar yoki hamkorlar soni) oshsa, Buyurtmachi PRO tarifiga o'tishi kerak.
I.5. Filiallar chegirmasi. Buyurtmachining bosh do'koniga bog'langan va o'zi alohida PRO tarifini sotib olgan har bir faol filiali uchun butun tarmoqqa (bosh do'kon ham kiradi) 5 (besh) foizdan chegirma qo'llaniladi, umumiy chegirma 30 (o'ttiz) foizdan oshmaydi. Chegirma o'tgan oy davomidagi faol filiallar soniga qarab hisoblanadi va navbatdagi to'lov davriga qo'llaniladi. Filial tegishli oy uchun to'lovni amalga oshirmasa, u oy davomida faol hisoblanmaydi va tarmoqning umumiy chegirmasi navbatdagi to'lov davri uchun shunga mos ravishda kamayadi.
2-ILOVA. TEXNIK QO'LLAB-QUVVATLASH TARTIBI
| Daraja | Misol | Ko'rib chiqish tartibi | Izoh |
|---|---|---|---|
| Yuqori | Platformaga kirib bo'lmaydi, asosiy buyurtma jarayoni ishlamaydi | Ustuvor tartibda | Sababga qarab muddat belgilanadi |
| O'rta | Ayrim modul yoki funksiya noto'g'ri ishlaydi | Navbat asosida | Vaqtinchalik echim berilishi mumkin |
| Past | Dizayn, qulaylik, maslahat, kichik xatolik | Reja asosida | Keyingi yangilanishga kiritilishi mumkin |
II.1. Qo'llab-quvvatlash kanallari: Telegram, telefon, email yoki platforma ichidagi murojaat shakli.
II.2. Buyurtmachi muammo haqida murojaat qilganda skrinshot, video, xatolik vaqti, foydalanuvchi roli, buyurtma raqami yoki boshqa zarur ma'lumotlarni taqdim etishi kerak.
II.3. Buyurtmachining interneti, qurilmasi, brauzeri, lokal printeri, xodimlarining noto'g'ri harakati yoki uchinchi tomon servislaridagi muammo Ijrochining bevosita javobgarligi hisoblanmaydi.
3-ILOVA. TARIFNI TANLASH VA TO'LOV SHARTLARI
Ushbu ilova shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi. Quyida barcha tariflar ko'rsatiladi.
| Tarif | To'lov shartlari | Limitlar | Asosiy imkoniyatlar |
|---|---|---|---|
| FREE | 0 so'm / oy. Har doim bepul. Kartalar talab qilinmaydi. | 1 do'kon, 1 xodim (egasi); 30 buyurtmagacha / oy; har oy 5 SMS bepul | Buyurtmalar nazorati, mijozlar bazasi, asosiy kassa va qarzdorlik nazorati. Kichik do'kon uchun. |
| PRO | Oylik: 619 000 so'm. Yillik: 6 190 000 so'm. Davr: 1 / 12 oy. | Cheksiz xodim, cheksiz buyurtma, mahsulot, mijoz va hamkor; har oy 100 SMS bepul | To'liq CRM, ombor va sex nazorati, kirim-chiqim hisobi, qarzdorlik va tranzaksiyalar, telefoniya, dilerlar tarmog'i, filiallarga 30% gacha chegirma (1-ilovaga qarang). |
III.1. Ushbu ilova bo'yicha amalda qo'llaniladigan tarif Tomonlar tomonidan qoldirilgan, belgilangan yoki to'lov amalga oshirilgan tarif hisoblanadi.
III.2. Har bir tarif doirasida har oy 100 (yuz) ta SMS xabar bepul beriladi (FREE tarifda — 5 ta). Bepul SMS limiti faqat tegishli oy doirasida amal qiladi, keyingi oyga o'tkazilmaydi va pulga almashtirilmaydi.
III.3. Bepul SMS limitidan ortiq yuborilgan SMS xabarlar Ijrochi tomonidan belgilangan qo'shimcha SMS tarifi bo'yicha alohida to'lanadi.
III.4. Qo'shimcha funksiyalar, opsiyalar, bo'limlar, integratsiyalar, individual sozlash, o'qitish va ma'lumot ko'chirish ishlari tanlangan tarifga yoki Tomonlarning alohida kelishuviga asosan qo'shilishi mumkin.
III.5. Tarifga qarab yangi funksiyalar, opsiyalar yoki bo'limlar qo'shilishi mumkin.
III.6. Tarif muddati tugaganidan keyin xizmatdan foydalanish ushbu shartnomaning 5.4, 5.5 va 15.3-bandlariga muvofiq "faqat o'qish" rejimiga o'tkazilishi yoki to'liq bloklanishi mumkin.